TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. "O‘zbekiston 24" telekanalida Jahon Banki ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva bilan bo‘lgan intervyuda O‘zbekistonda oxirgi yil davomida o‘tkazilgan islohotlar muhokama qilindi.
Intervyuda Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston xalqining tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqini alohida ta’kidlab o‘tdi.
"O‘zbeklar tashabbuskor xalq, ularga sharoit yaratib berish kerak xolos, — dedi Jahon Banki rahbari.
Tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar borasida Georgiyeva oxirgi yil davomida O‘zbekistonda katta ishlar qilinayotganini va ular jahon hamjamiyati tomonidan iliq kutib olinayotganini qayd etdi.
Xususan, Georgiyeva 2017-yil yakuniga ko‘ra, Jahon Bankining “Doing business” reytingi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda eng yaxshi islohotlar tadbiq etgan 10 mamlakat qatoridan o‘rin olganini aytib o‘tdi.
"Ushbu islohotlar haqiqatdan ham o‘tkazilganligini va ular to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini o‘zbekistonliklarning kelajakka ishonchi tobora ortib borayotganidan ham bilib olsa bo‘ladi", — dedi Georgiyeva.
O‘z ish faoliyati haqida berilgan savolga “Men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman, chunki mening ishim alohida mamlakatlarni o‘z xalqi yashashi uchun eng yaxshi joyga aylanishga yordam beradi”, — dedi Jahon Banki rahbari.
Kristalina Ivanova Georgiyeva 1953-yilda Bolgariyaning Sofiya shahrida tug‘ilgan. Iqtisod, siyosiy iqtisod va ijtimoiy izlanishlar sohasida oliy ma’lumot va ilmiy unvonlarga ega. Georgiyeva JB tizimining ko‘plab lavozimlarida ishlagan. Xususan 2004-yildan JBning Rossiyadagi vakili, 2010-yildan YeI gumanetar fondi rahbari, Yevropa komissiyasi vakili va vitse-prezidenti lavozimlarida ishlab kelgan. 2017-yilning fevral oyidan boshlab Jahon Banki ijrochi direktori etib tayinlangan.