TOShKENT, 21 yanv – Sputnik. Aqtobe fojeasida jabrlanganlardan biri, avtobus haydovchisi Maksat Pernebekovning onasi kechirim so‘radi, deb xabar qilmoqda, Qozog‘istonning Informburo 31, telekanali.
“Men o‘zbek xalqidan kechirim so‘rayman, boshimni egib”, — dedi Maksat Pernebekovning onasi ko‘zlarida yosh bilan.
Haydovchining rafiqasi ham telekanalga aytishiga qaraganda, ular avtobusdan tushishi bilan kuchli portlash yuz bergan, shuning uchun ular eshikni ochishga ham, yo‘lovchilarga yordam berishga ulgurmagan.
Shuningdek, haydovchi yaqinlari bo‘lib o‘tgan voqeaning yana bir necha tafsilotlarni xabar qilishdi. Xususan, fojeadan 3 soat oldin Maksat uydagilarga video xabar yuborib unda havo qattiq sovuqligini va dvigatel harorati past ekanligini xabar qilgan.
“Salom qadrdonlar, mana Araldan o‘tdik. Irgizgacha 170 km qoldi. Juda sovuq, —40 yoki —45 men ikkita kurtka kiyganman, yo‘l muzlagan, tezlik 50 km/soat, radiator harorati esa 60 gradus”, — degan Maksat o‘z xabarida.
Haydovchining yaqin qarindoshlari aytishiga qaraganda, u yollanma ishchi bo‘lgan. Setra avtobusi egasi Mextiyev unga bir qatnov uchun 60 ming tangagacha maosh to‘lagan. Lekin ko‘p vaqt avtobusni ta’mirlashga ketgan. Sug‘urta va texnik ko‘rik masalalari bilan avtobus egasining o‘zi shug‘ullangan.
Eslatib o‘tamiz, avtobus egasi Orduxan Mextiyevning ushbu avtobusda odam tashish uchun litsenziyasi bo‘lmagan. Avtobus texnik ko‘rigi muddati tugaganiga salkim 2-yil bo‘lgan.