TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Kecha Surxondaryo viloyatiga bo‘lgan tashrifi davomida, at-Termiziy maqbarasi ichida duo qilishdan oldin, Shavkat Mirziyoyev, ushbu fojea yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
Prezident fikriga ko‘ra, ushbu fojeaga, avvalombor O‘zbekistonda kerakli ish joylari yaratilmagani sabab bo‘lgan.
“Kechagi bo‘lgan palakatlar ko‘p narsadan dalolat beradi. Xalqimizni oldida hali qarzimiz ko‘p. Odamlarizga sharoit yaratmaganimiz uchun, ular begona yurtlarga borib ish qidirib yurishibdi. Bu albatta davlatchilik, davlat rahbariyati, hamma tizimdagi rahbarlarning xato va kamchiliklari o‘z vaqtida bartaraf etilmaganidan dalolat beradi.
Ular begona yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribdi degan gap, bu bekor gap emas. Bechora ularning ham umidlari, orzulari bo‘lgan albatta. Xudodan ne ne niyatlar qilib, bolamni boqaman, otamga bir so‘m olib kelaman, deb yo‘lga chiqqan. Qanday yosh-yosh yigitlar, mo‘min musulmonlar, hammasi o‘zbekistonliklar”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga asosan.