TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Hakim Termiziy maqbarasi ziyorati chog‘da Oqto‘bada O‘zbekiston fuqarolari vafot etganidan chuqur qayg‘uda ekanini aytib, ularning yaqinlariga ta’ziya bildirdi. Marhumlar haqiga duo qilindi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Kecha tongda Akto‘be oblasti Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yo‘lovchi avtobus yonib ketdi.
Setra rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l olgandi. Unda 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan. Ayni vaqtda avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lgan 52 kishidan 32 nafarining shaxsi aniqlangan. Ularning aksar qismi Namangan viloyatidan bo‘lgan.