TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojiali hodisa oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari nomidan hamdardlik maktublari kelmoqda.
18 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqoti chog‘ida Turkiya Respublikasi prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zining chuqur hamdardligini bildirdi. "Mana shunday musibatli kunda butun turk xalqi nomidan qardosh o‘zbek xalqiga sabr-bardosh tilab, marhumlarni Alloh taolo o‘z mag‘firatiga olishini so‘rayman", deb ta’kidlagan Turkiya rahbari.
Shuningdek, Mirziyoyev nomiga Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tomonidan yo‘llangan samimiy hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlari bitilgan maktublar kelgan.