TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shinlardagi tashkiliy-shtat o‘zgarishlari va hozirgi paytda Mudofaa vazirligi tomonidan qo‘shinlarni yangi tashkiliy tuzilmaga o‘tkazish ishlari boshlanganini va bu ishlar yangi o‘quv yiliga qadar yakunlanishi zarurligini aytdi. Mirziyoyev bu borada Mudofaa vazirligi sobiq rahbariyati jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini qo‘shimcha qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mirziyoyev shuningdek, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i P.Ergashev bu borada faqat mexanizm yaratish emas, balki uni samarali ishlatish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglab yetishi kerakligini, qo‘shinlar istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi kerakligini, ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr bo‘lishi uchun o‘z sohasini puxta egallashi shartligini qayd etdi.
"Nima uchun bu talablar bugun kun tartibiga keskin qilib qo‘yilmoqda? Chunki, Mudofaa vazirligidagi ko‘plab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamagani, o‘zlarini ko‘rsatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, ularda tashabbus yo‘qligi, mustaqil qarorlar qabul qilishni, mas’uliyatni o‘ziga olishga tayyor emasligi bunga sabab bo‘lmoqda.
Afsuski, buning oqibatida bizda ko‘p hollarda harbiy boshliqlar tepadan buyruq kutib o‘tirishga o‘rganib qoldi. Yana bir bor takrorlab aytaman: har bir komandir va qo‘mondon o‘z harbiy qismi va okrugining sharoitidan, mavjud jangovar vaziyatdan kelib chiqqan holda, tezkorlik bilan har tomonlama asoslangan, mustaqil qaror qabul qilishga qodir bo‘lishi shart", — deb ta’kidlagan O‘zbekiston prezidenti.