TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. Janubiy Koreya tadbirkorlari maktabgacha tarbiya sohasida O‘zbekiston bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston maktabgacha ta’lim vaziri A. Shin Koreya Respublikasi elchixonasi vakillari hamda koreyalik tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasi vakillari maktabgacha ta’lim sohasida O‘zbekiston bilan uzviy hamkorlik qilishlarini bildirishdi. Xususan, O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari qurishga koreyalik investorlar jalb etilishi ma’lum qilindi.
"Hamkorlar mamlakatimizda Koreya modeli bo‘yicha namunaviy bolalar bog‘chalari qurish istagini bildirishdi, shuningdek, O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun mebel va inventarlar ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.
Bugungi kunda respublikada 4916 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi. Yaqin besh yil ichida yangilangan loyihalar bo‘yicha yana 50ta bolalar bog‘chasi qurish mo‘ljallangan. Shuningdek, bu davr mobaynida 1167 ta bolalar bog‘chasi rekonstruksiya qilinadi, 983 ta bog‘cha esa joriy ta’mirlanadi.