TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, Sankt-Peterburg shahrida sodir etilgan portlash oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarosi Hazratkul Alikulovning (ismi aniqlashtirildi) holati muvaffaqiyatli operatsiyadan so‘ng barqaror. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Aleksandrovskiy nomli 17-son shahar kasalxonasida o‘tkazilgan operatsiya natijasida uning tanasiga jarohat yetkazgan jism olib tashlandi.
"TIV Konsullik boshqarmasi va O‘zbekistonning Rossiyadagi konsulligi xodimlari Sankt-Peterburg shahri rasmiylari bilan doimiy aloqada bo‘lib, terakt oqibatida jabrlanganga tegishli qoplovlar berish bo‘yicha choralar ko‘rdilar", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 27-dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi "Perekrestok" do‘konida portlash sodir etildi. Ushbu terakt natijasida jami 13 kishi jarohatlangan bo‘lib, olti kishi kasalxonaga yotqizilgan.