TOShKENT, 27 dek – Sputnik. Toshkentdagi "Anhor-Lokomotiv" bog‘i yangi yil bayrami oldidan o‘ziga xos tarzda bezatildi. Bog‘ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirilishicha, bu yerda 27-dekabrdan 7-yanvarga qadar teatr aktorlari, yosh qo‘shiqchilar, o‘zbek estrada xonandalari ishtirokida dastur bo‘lib o‘tadi.
"Biz har bir mehmon Yangi yil bayrami muhitini his etishi va afsonaviy dizayndan bahramand bo‘lishi uchun harakat qildik. Bog‘imizning eshigi har doim ochiq va ayniqsa, qishki dam olish paytida maxsus rang-barang yangi yil shou dasturlarini tayyorlab qo‘ydik", deyiladi bog‘ ma’muriyati sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili mamlakatning bosh Yangi yil archasi "Anhor- Lokomotiv" bog‘i yonidagi salkam 4 gektar hududda bunyod bo‘lgan bayram maydonining markazida qad ko‘targandi.