TOShKENT, 26 dek — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. Suhbatdoshimiz Xitoydagi hayot va kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi.
— Elor, siz 8-yildan buyon mehmonxona va turizm sohasida ishlayman dedingiz. Bu sohaga qanday kirib kelgansiz?
— Men bolaligimda InterContinental Toshkent Mehmonxonasi yonidan har o‘tganimda u yerda ajoyib muhitni ko‘rardim. Mehmonxona va turizm biznesi dunyoga eshik ochish, yangi davlatlar, yangi madaniyat va yangi odamlar bilan tanishish kaliti ekanligini his qildim va u yerda birinchi ish tajribamni boshlaganman.
—Xitoyda 2014-yildan buyon yashab, mehnat qilib kelasiz. Xitoy va o‘zbek madaniyati, turmush tarzida qanday o‘xshashliklar bor?
— Xitoyliklar ham biz o‘zbeklar kabi mehmondo‘st. Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyatida esa o‘zbek milliy taomlari, milliy liboslari va madaniyatida ko‘plab o‘xshashliklarni ko‘rish mumkin.
— Xitoy sizni nimasi bilan lol qoldirdi?
— Xitoyda mehmonxona biznesi va turizmning rivojlanganligi meni hayratga soldi. Bu yerning istalgan hattoki kichik shahridan 5 yulduzlik xalqaro mehmonxona, dam olish va hordiq chiqarish uchun maskanlar topishingiz mumkin.
— Xitoyliklar O‘zbekiston haqida qanchalik bilishadi?
— Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston haqida juda yaxshi bilishadi. "Bir belbog‘ — bir yo‘l" loyihasi yo‘lga qo‘yilganidan keyin esa ularning soni yanada oshdi. Oddiy aholi esa O‘zbekiston xaqida kam ma’lumotga ega.
— Siz yashayotgan shaharda o‘zbekistonliklar bormi?
— Men yashayotgan Chungsing shahrida 30ga yaqin o‘zbekistonliklar bor, ular shu shahardagi universitetlarda o‘qishadi.
— O‘z ishingiz haqida gapirib bering. Asosiy vazifangiz nimalardan iborat?
— Barcha oziq-ovqat va ichimliklar bo‘limining kundalik vazifalari, ya’ni mehmonxonadagi barcha restoranlarni, bar va ziyofatlarni eng yuqori standardlarga muvofiq boshqarish mening vazifamga kiradi.
Bundan tashqari, mijozlarni jalb qiluvchi yangiliklar, kreativ yangiliklar o‘ylab topishim lozim. shuningdek, iste’dodli kadrlar jalb qilish va tayyorlash, ularni rag‘batlantirish, jamoaviy muhit yaratish ham mening zimmamda.
— Siz ishlayotgan mehmonxonada xodimlarga bo‘lgan munosabat qanday?
— Xodimlar hamisha malaka oshirib borishadi va qo‘llab-quvvatlanadi. Mabodo ishda xato qilib qo‘ysa, unga alohida og‘zaki tushuntiriladi, po‘pisa qilinmaydi.
Vazifasini yaxshi bajarganlar boshqa xodimlar yonida albatta rag‘batlantiriladi.
— Ish faoliyatingiz davomida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan suhbatlashgan ekansiz.
— Ha. Koreya Respublikasi prezidenti va birinchi xonimi Chungsing shahriga tashrif buyurishganida ularning xizmatlarida bo‘ldim. Ular juda ham kamtarin inson ekanlar. Ularga o‘zbekistonlik ekanimni aytganimda ularning yuzidagi quvonch, reaksiyani ko‘rganingizda edi.
Hattoki prezident bosh oshpazi va xavfsizlik xizmatchilari menga oxirgi oyda prezidentimiz tashriflari vaqtida o‘zbekistonlik mehmonlar bilan birga suratlarga tushishganini quvonch bilan ko‘rsatishdi. Ularning barchasi o‘zbek milliy taomlarini yoqtirishlarini aytishdi va o‘zbekistonliklarga bo‘lgan hurmatlarini cheksizligini ta’kidlashdi.
— O‘zbekistonga tez-tez borib turasizmi? Mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar qay darajada?
— Uyga bir yilda 1-2 marta borib turaman. Oxirgi marta shu yilning mart-aprel oylarida bo‘ldim. O‘zgarishlar judayam ko‘p: yangi ko‘priklar, yangi mehmonxona, ko‘p qavatli turar-joy maskanlari qurilgan va qurilmoqda. Biznesmen va investorlarga juda yaxshi muhit yaratilayotganini sezdim.
— O‘zbekistonda mehmonxona va turizm biznesini rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak deb o‘ylaysiz?
— O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish uchun Butunjahon Savdo Tashkiloti (WTO) ga a’zo bo‘lish, chempionatlar, Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish, bino va inshootlar, mehmonxonalarni potensial investorlarga taqdim etish va investorlarni jalb qilish lozim deb o‘ylayman. Ayniqsa, keyingi vaqtda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va qabul qilinayotgan hujjatlar ushbu sohaning jadal o‘sishini ta’minlaydi degan fikrdaman.
— Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
— Hozirda Xitoyda tajriba orttirapman. Kelajakda o‘z vatanimda ushbu sohada o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yish va bu yerda orttirgan tajribamni qo‘llash niyatim bor.