TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 13 yalpi majlisida Fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, kelgusi yilning o‘zida 21 ming 600 tadan ortiq fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqli subyektlariga aylantiriladi.
Ularda intensiv bog‘ va yangi tokzorlar barpo etish, issiqxona va zamonaviy omborxonalar qurish, non, go‘sht va sut, mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, chorvachilikning qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi serdaromad yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qariyb 23 mingta loyiha amalga oshiriladi.
Buning uchun 1 trillion 600 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur dasturning izchil ijrosi tufayli 83 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu mehnat resurslari ko‘p bo‘lgan qishloq joylarda aholi bandligi ta’minlanishi, ularning doimiy daromad manbai shakllanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.