TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Toshkent shahrida Yangi yil bayrami madaniy tadbirlari 2017-yilning 25-dekabrida boshlanib 2018-yilning 8-yanvarigacha davom etadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmatiga tayangan holda Sputnik muxbiri xabar bermoqda.
Bayram ishtirokchilari, mehmonlar, ayniqsa bolajonlar, shuningdek transport harakati xavfsizligiga ustuvor o‘rin bergan holda, bu bayramning "Bosh archa"si va bosh sahna Labzak va Qodiriy ko‘chalarida joylashgan "Navro‘z" bog‘ida bunyod etildi. Hozirda mazkur maydonda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Qariyb 4 gektarlik maydonda bayram archasi, sahna, bolalar uchun attraksionlar, savdo va ovqatlanish shoxobchalari bunyod etiladi. Mazkur maydonga borish yo‘llarida keng obodonlashtirish va bayramona bezash ishlari boshlangan. Madaniyat vazirligi va tegishli mutasaddi tashkilotlar bayram kunlari o‘zbekistonliklarga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida yangi teatrlashtirilgan dasturlar ustida ish olib borishmoqda.