TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Ramzan Qodirov o‘zining Instagramdagi sahifasida Shavkat Mirziyoyevni tabriklab O‘zbekiston prezidentiga o‘zining yaxshi niyatlarini izhor etdi.
“Men islom dunyosining buyuk siyosiy arbobi, Shavkat Miromonovich bilan tanish ekanimdan xursandman. U kishi o‘z yurtini gullab yashnayotgan makonga aylantirish uchun, boy tajriba, kuchli iroda va samimiy ishtiyoqqa ega. Shavkat Miromonovich o‘n uch yil hukumatni boshqargan, iqtisodni va mamlakatning muammolarin yaxshi tushunadi va ularni hal qilish yo‘lini biladi. Asosiysi – Mirziyoyev o‘z xalqini, Vatanini sevadi va O‘zbekistonning oldingi shon-shuhratini qayta tiklash uchun barcha kuch va bilimlarini ishlatishga tayyor”, — dedi Qodirov.
Checheniston rahbari aytishiga qaraganda, u O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi yodgorliklarini saqlab qolishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini chuqur his qilgan.
“O‘zbekiston xalqining ruhi barcha sohalarda ko‘tarilayotgani sezilib turibdi – iqtisodda, ijtimoiy hayotda, sportda, adabiyotda va san’atda. Ishonchim komilki, xalqlarimiz orasidagi munosabatlar kundan-kunga kengayib va mustahkamlanib boradi!”, — deb so‘ziga yakun yasadi Checheniston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Ramzan Qodirov O‘zbekistonga bir necha kunlik tashrif bilan kelgan edi. O‘shanda Qodirov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan, Toshkent, Samarqand va Buxoroni ziyorat qilgan, otasi Ahmad Hoji qodirov tahsil olgan Mir Arab madrasasida ham bo‘lgan edi.