TOShKENT, 16 dek – Sputnik. 2017-yilning 11-15 dekabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston – Qozog‘iston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha yakuniy hujjatlarni tayyorlash ishlari davom ettirildi.
Shuningdek, uchrashuvda 2018-yilda demarkatsion dala ishlarini olib borishga doir tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan fikr almashildi va kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, 1-6 dekabr kunlari Toshhovuz shahrida (Turkmaniston) O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiya ishchi guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.