TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, "O‘zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati tugatiladigan bo‘ldi.
Endilikda “O‘zbekengilsanoat” AJ o‘rniga O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasi — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tashkil etiladi. Uyushma tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashni ta’minlovchi maslahat organi – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari kengashi tashkil qilinadi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona “Uztextile” belgisi bilan eksport qiladi.
Uyushma a’zolari 2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.
Farmonning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.