TOShKENT, 14 dek – Sputnik. Yangi tashkil qilingan O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi 2020 yida respublikada ichki jamoalar orasida xokkey chempionatini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Kelasi yildan boshlab Toshkent viloyati, Samarqand, Andijon va Qarshida xokkeyga ixtisoslashgan 500-1500 tomoshabin o‘rinli sport majmualari qurilishi boshlanadi. Yaqin besh yil ichida esa, ana shunday majmualar O‘zbekistonning barcha viloyatlarida paydo bo‘ladi.
12 dekabr kuni O‘zbekistonda Xokkey federatsiyasi tashkil qilindi. Uning raisi etib Baxtiyor Fozilov, bosh kotibi etib – “Binokor” klubi veterani Shukurullo Karimov tayinlandi.
Xokkey federeratsiyasi yaqin kelajakda xokkey sport turini O‘zbekistonda ommaviylashtirish, barcha viloyatlarda xokkey jamoalari tashkil qilish, ichki chempionat o‘tkazish, milliy terma jamoa tashkil qilish hamda xalqaro xokkey federatsiyalari musobaqalarida ishtirok etish, kabi maqsadlarni qo‘ygan.
O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi 2020-yilda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida xokkey chempionati o‘tkazish, 2022-yildan boshlab esa o‘smirlar jamoalari orasida o‘yinlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Aytish joizki, xokkey sporti borasida O‘zbekistonda bunday keskin o‘zgarishlar yuz berishiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda “Xumo Arena” xokkey sport saroyi qurish tashabbussidan boshlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk bor xokkey 1970-yillarda paydo bo‘lgan. O‘shanda Toshkentda “Spartak” xokkey jamoasi tashkil qilinub, sobiq Ittifoq musobaqalarida ishtirok eta boshlagan edi.