TOSHKENT, 14 dek – Sputnik. Poytaxtning Sergeli tumanida Avtotest oʻquv-metodik majmuasi qurib bitkazilmoqda, deb xabar berdi uz24.uz.
Xabarda aytilishicha, har qanday ob-havo sharoitlariga, masalan, yomgʻir, qor, yaxmalak sharoitiga moslashgan tizimli innovatsion avtodrom majmuaning oʻziga xos jihatidir. Bu yerda haydovchilar turli sharoitlarda mashina boshqarish boʻyicha bilimlarni oʻzlashtiradi. 3 gektar maydonga ega majmuada, shuningdek, maʼmuriyat va oʻz ichiga 14 ta auditoriyani olgan oʻquv binosi, test sinovlarini oʻtkazish uchun kompyuter zali oʻrin olgan.
"Majmua oʻqitishning innovatsion usullarini joriy etish maqsadida zamonaviy uskunalar bilan taʼminlanadi, hozirgi kunda Oʻzbekistonda ularning muqobili yoʻq", deyiladi xabarda.
Majmua 2018 yil 1 yanvardan ish boshlaydi. Ayni paytda oʻquv kurslariga qabullar Mirobod, Chilonzor, Shayxontohur tumanlaridagi markazlarda boʻlib oʻtmoqda.
Shuningdek, haydovchilarning malaka oshirish markazlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ham ochilishga tayyorlanyapti.