TOShKENT, 13 dek – Sputnik. Osiyo boks konfederatsiyasining The Best of the Asians—2017 loyihasida 69 kilogramm vazn toifasida ishtirok etuvchi o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov yilning eng yaxshi erkak bokschisi sifatida e’tirof etildi. Bu haqda OBKning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilindi.
Yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash jarayonida ovoz berganlarning 57,2 foizi Shahram G‘iyosovni 1-o‘ringa munosib deb topgan. O‘zbekistonlik yana bir bokschi Hasanboy Do‘smatov esa 32,8 foiz ovoz to‘plagan. Qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyevga esa ishtirokchilarning 6,1 foizi ovoz bergan.
Shuningdek, O‘zbekiston boks federatsiyasi 2017-yilning eng yaxshi milliy boks federatsiyasi deb topildi. O‘zbekiston boks federatsiyasiga ishtirokchilarning 91 foizi ovoz bergan.
Yana bir qator nominatsiyalarda qatnashgan O‘zbekiston vakillari esa 2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.