TOShKENT, 12 dek – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 9-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda 2018-yilgi respublika budjeti va soliqlar miqdorini qisqartirish haqida qaror qabul qilindi, deb yozmoqda Hukumat portali.
Xususan, 2018-yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatida soliqlar va majburiy to‘lovlar miqdorini kamaytirish, mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagi o‘zgarishlar kiritilishi mumkin:
Foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini birlashtirish orqali umumiy bazaviy stavkani 15,5 foizdan 14,5 foizgacha kamaytirish;
Pensiya, yo‘l jamg‘armalari, Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalarni yagona to‘lovga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirish orqali umumiy stavkani 3,5 foizdan 3,2 foizgacha kamaytirish;
Jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasini fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisobraqamlariga ajratmalar miqdorini 1 foizdan 2 foizgacha oshirish hisobiga kamaytirish;
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqning aholi tadbirkorlik faolligini oshirishga qaratilgan stavkasini o‘rtacha 30 foizga pasaytirish;
Mahalliy hokimiyat organlariga jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va qat’iy belgilangan soliqlar bo‘yicha belgilangan bazaviy soliq stavkalarni 0,7 dan 1,3gacha kamaytiruvchi va ko‘paytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash huquqini berish nazarda tutilmoqda, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, majlisda soliq ma’murchiligini takomillashtirish, daromad zaxiralarini aniqlash, mahalliy budjetlarning mustaqilligini yanada oshirish, inflyatsiya darajasini ko‘zda tutilgan parametrlar doirasida saqlab qolish masalalari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlari – davlat kafolatlari va himoyasini kuchaytirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, tadbirkorlik faoliyati, invesititsiyalarni jalb etish hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.