TOShKENT, 11 dek — Sputnik. National Geographic jurnali amerikalik fotosuratchi Djon Stenmeyer suratga olgan o‘zbek to‘yi fotosuratini dunyoning eng yaxshi 57 fotosurati ro‘yxatiga qo‘shdi.
"Aka-uka kuyov va ularning qalliqlari to‘y marosimida. Toshkentdagi to‘yxonalardan birida. Bugungi O‘zbekiston poytaxti bir vaqtlar Buyuk Ipak yo‘lida karvonlar to‘xtaydigan joy bo‘lgan", — deb izoh qoldirgan Stenmeyer o‘zining Instagramdagi sahifasida.
Fotosuratchi aytishiga qarganda, u o‘zbek to‘yiga tasodifan kelib qolgan. Shaharni aylanib yurgan vaqtda uning tarjimoni Aziz Xolmuradov to‘yxonaga kirib kelin-kuyovni suratga olishni taklif qiladi. Mahalliy fotosuratchi esa unga o‘zining "vspishka"sini berib turadi.
Jon Stenmeyer — butun dunyoga mashhur amerikalik fotojurnalist. Bir qator xalqaro mukofotlar laureati. National Geographic bilan bir necha yildan buyon hamkorlik qilib keladi. 2014-yilda fotografiya sohasida eng nufuzli bo‘lgan World Press Photo mukofotga sazovor bo‘lgan. U O‘zbekistonga jurnalist Pol Salopek bilan birga kelgan edi.