TOShKENT, 11 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Alisher Navoiy nomli kinosaroyida bolajonlar ishtirokida "Quyosh yurti pahlavoni" nomli, davomiyligi 1 soatdan ortiq vaqtni tashkil etuvchi o‘zbek animatsion filmi premyerasi o‘tkazildi.
O‘zbek animatsion filmlari tarixida to‘liq metrajli multfilm shu vaqtgacha suratga olinmagan.
Ssenariy muallifi Ismoil Shomurodov multfilmni tomosha qilishga kelgan bolajonlarga kartina bir nechta o‘zbek xalq ertaklari motivlari asosida yaratilganini, unda akalari ortidan go‘zal malikani yalmog‘iz changalidan ozod etish uchun yo‘lga chiqqan No‘xatpolvonning g‘aroyib sarguzashtlari haqida so‘z borishini hikoya qildi.
Multfilmda halollik, mehnatsevarlik, muhtojlarga yordam berish singari ezgu g‘oyalar aks ettirilgan.
Multfilm 12-dekabrdan boshlab respublika kinoteatrlarida namoyish etiladi.