TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili muddatsiz ochlik e’lon qildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Chernoluskiy ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
"U muddatsiz ochlik e’lon qilganini bildirdi hamda majburiy ovqatlantirishlarini ham rad etadi. Agarda 60 sutkaga qamoq jazosi tayinlansa, u ochlikni davom ettiradi", — dedi Chernoluskiy.
Eslatib o‘tamiz, 9-dekabr kuni Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko Saakashvili huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingani va Ukraina xavfsizlik xizmatining vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib kelingani haqida ma’lum qilgandi. Tunda izolyator atrofida sobiq gubernatorning tarafdorlari to‘planishdi. Ular UXX hovlisiga kirish eshigini to‘sib qo‘yishdi.
Saakashvili "jinoiy tashkilot bilan hamkorlik qilishda" ayblanmoqda.