TOShKENT, 9 dek – Sputnik. 15-dekabr kuni “O‘zbekiston” forumlar saroyida britaniyalik pop-qo‘shiqchi Robbi Uilyams yakkaxon konsertini namoyish etadi.
Robbi Uilyams – “Take That” guruhining sobiq a’zosi. U yakkaxon faoliyatini boshlaganidan buyon dunyo bo‘yicha 59 milliondan ortiq albomi sotilgan. Uning “Feel”, “Supreme”, “Better Man” va “Millennium” qo‘shiqlari ko‘plab davlatlarda eng ommabop qo‘shiqlar 10taligidan joy olgan.
2005 yilda Robbi Uilyams Ginnessning Rekordlar kitobiga kiritilgan: uning konsertiga bir kunda 1,6 mln dona bilet sotilgan.
17 dekabr kuni esa “O‘zbekiston” forumlar saroyida O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘rligida ispaniyalik tenor Xose Karreras chiqish qiladi.
Orkestrga jahonga mashhur dirijorlardan biri, ispaniyalik maestro David Gimenes dirijorlik qiladi.
Xose Karreras — Luiji Illika, Gremmi, ser Lourens Olivye mukofotlari, Gran-Teatra del Liseo teatri oltin medali, Leypsig shahri faxriy medali sohibi, London qirollik musiqa akademiyasining faxriy a’zosi, London san’at orkestrining faxriy prezidenti hisoblanadi.
1992 yilgi Barselonadagi Olimpiada o‘yinlarida Karreras musiqiy rahbar bo‘lgan.
Har ikki konsert tashkilotchisi metsenat Alisher Usmonovdir. Bu Usmonovning o‘zbekistonliklar uchun nafaqat yangi yil sovg‘asi, balki boy madaniy merosga O‘zbekiston nafaqat turistlar, balki jahon miqyosidagi yulduzlar uchun ham jozibador bo‘lib borayotganining isbotidir, deb yozadi anons.uz.