TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Ayni paytda Toshkent kun tartibidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) qo‘shilish masalasi o‘rin olmagan, dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov.
"YeOII borasidagi masala hozircha kun tartibidan o‘rin olmagan", — dedi u "Rossiya segodnya" Xalqaro axborot agentligida bo‘lib o‘tgan "Rossiya va O‘zbekiston: strategik sheriklikning 25-yili" ko‘rgazmasi katalogi taqdimotida.
Elchining qo‘shimcha qilishicha, chorak asr mobaynida O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari turli bosqichlardan o‘tgan, murakkab davrlar ham bo‘lgan. Ammo munosabatlar hamisha do‘stona bo‘lgan, hozirda esa ikki davlat hamkorligi o‘zining yuqori cho‘qqisida.
YeOII Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida tashkil etilgan va 2015-yil 1-yanvardan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro integratsion iqtisodiy birlashmadir. Hozirda Rossiya, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston YeOII a’zolari hisoblanadi.