TOShKENT, 8 dek – Sputnik. Bekobod shahrida yuz bergan kuchli shamol oqibatida ko‘pgina aholi yashash uylari va qator korxonalarda elektr va gaz ta’minotida uzilishlar, daraxtlarning sinishi kuzatilib, shaharda yashovchi bir necha aholi qisman moddiy zarar ko‘rdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, 7-dekabr kuni soat 7 dan 18 gacha Bekobod shahrida shamolning 28 m/s gacha kuchayishi kuzatildi.
Kuchli shamol oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Toshkent viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari boshchiligida shahar hokimiyatida FVB, IIB, shahar kommunal xizmati va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan tezkor shtab tashkil etilib, bevosita kuch va vositalar safarbar qilindi.
Tashkillashtirilgan avariya-tiklash ishlari natijasida yuzaga kelgan elektr, gaz va suv ta’minotidagi avariyalar soat bartaraf etildi. Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, sog‘-salomat o‘z uylariga jo‘natildi.