TOShKENT, 7 dek – Sputnik. Bugun O‘zbekiston Forumlar saroyida prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 25-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Xabarda aytilishicha, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan 2017-yilda "Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘" degan g‘oya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiya asosiy tamoyillarini ro‘yobga chiqarishda yana bir ulkan qadam bo‘ldi.
"Albatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yo‘nalishda o‘tayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman", — dedi davlat rahbari.
Xabar berilishicha, joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish to‘g‘risida esa O‘zbekiston prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi.