TOShKENT, 7 dek – Sputnik. "Yandeks" kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikda geografik axborot tizimlari, jumladan muayan hududga oid grafik-tasvir ma’lumotlarini o‘rganish, to‘plash va tahlil qilish tizimlarini yaratadi. Bu haqda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Rossiyaning "Yandeks" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda rossiyalik axborot texnologiyalari ekspertlariga O‘zbekistonda sohani rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, xususan "Mirzo Ulugbek Innovation Center" Innovatsiya markazi faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Muzokaralarda asosiy e’tibor yosh dasturchilarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasiga qaratildi.
Shuningdek, "Yandeks" kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekistonda geografik axborot tizimlari, jumladan muayan hududga oid grafik-tasvir ma’lumotlarini o‘rganish, to‘plash va tahlil qilish tizimlarini yaratish masalasi ham muhokama qilindi.
"Yandeks" — Rossiya transmilliy kompaniyasi bo‘lib, Internet tarmog‘ida shu nomdagi qidiruv tizimi, internet-portallarga egalik qiladi hamda bir necha davlatlarda IT-xizmatlarni ko‘rsatadi.