TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Toshkent shahriga Vebster universiteti vitse-prezidenti Piter Maher boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi. Delegatsiya tarkibidan Uoker nomidagi biznes va texnologiyalar maktabi dekani Simmon Kummings va Vebster universiteti ta’lim maktabi dekani Brenda Fayf o‘rin olgan.
Tashrif maqsadiga ko‘ra delegatsiya O‘zbekiston tomoni bilan Vebster universitetining Toshkent shahridagi filialini ochish bilan bog‘liq texnik, huquqiy va moliyaviy jihatlar hamda 2018-yilning sentabr oyidan boshlab ta’lim muassasasi faoliyatini boshlash masalalari muhokama qiladi.
Vebster universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Maktabgacha ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda Vebster universiteti filiali faoliyatining tashkiliy va huquqiy jihatlari muhokama qilinadi hamda universitet tomonidan tuziladigan o‘quv dasturlari kelishib olinadi.
O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh delegatsiyasi O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida tashkil etilgan o‘quv jarayoni bilan tanishish maqsadida bir qator milliy universitetlarga (O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) hamda xorijiy OTMning filiallariga (Inha universiteti, Turin politexnika universiteti, Singapur menejment instituti, Vestminster universiteti) ham tashrif buyuradi.
Rejaga ko‘ra, Vebster universitetining filialida o‘zbekistonlik talabalar "axborot texnologiyalari", "axborot xavfsizligi", "OAV rivojlanishi", "biznes", "tabiiy fanlar" va "pedagogika" kabi ta’lim yo‘nalishlarida bakalavr va magistr darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. O‘qish AQSh universiteti professorlari va mahalliy o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilida olib boriladi.
Toshkent shahrida AQSh universitetining birinchi filiali ochilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Vebster universiteti o‘rtasidagi bitim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyida Nyu-York shahriga tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-AQSh biznes-forumi yakuni bo‘yicha imzolangan.
Vebster universiteti 1915-yilda Missuri shtati Sent-Luis shahrida tashkil etilgan. Universitetning muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Shveysariya, Avstriya, Gretsiya, Gollandiya, Xitoy, Tailand va Gana kabi davlatlarda 7ta xalqaro filiallari mavjud. Shuningdek, 2017-yilda Amerikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 24-o‘rinni egallagan.