TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Millliy xavfsizlik xizmati Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda yirik miqdorda tovlamachilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruhni fosh etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
"Guruhga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi 38 yoshli Nuriddin Abilg‘oziyev tashkilotchilik qilgan. U sheriklari Akmal Nazarov, Jonibek Bo‘ribekov va Dilshod Qosimbekovlar bilan "Dilshod Avto Savdo" MChJga asos soladi. Hujjatlarga ko‘ra, firma avtomobil oldi-sotdisida vositachilik bilan shug‘ullangan. Ammo keyinchalik tergovda aniqlanishicha, bu qog‘ozdagina shunday bo‘lib, tovlamachilik faoliyatini xaspo‘shlash uchun kerak bo‘lgan", — dedi kuch ishlatish tizimi vakili.
Foydali ishga pul tikish taklifi ostida ular odamlardan pul, qimmatbaho buyumlar, mulk, chorva mollari va transport vositalarini qabul qila boshlashgan. Buning evaziga katta miqdorda ustama foizlar to‘lashga va’da berishgan.
Tovlamachilik faoliyati juda puxta yo‘lga qo‘yilgan. Abilg‘oziyev turli yo‘llar orqali go‘yoki o‘z korxonasiga pul kiritgan omonatchilarning muvaffaqiyatlari to‘g‘risidagi yolg‘on xabarlarni tarqatgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u omonatchilarning pul va qimmatbaho buyumlarini korxonani rivojlantirishga emas, balki ishonuvchan odamlar oqimi kamaymasligi uchun avvalgi omonatchilarga ustama foizlarni berishga sarflagan. Bundan ortib qolgan mablag‘ni esa bo‘lishib olishgan.
Aldangan omonatchilar soni yuzdan, tovlamachilik faoliyatidagi mablag‘ aylanishi esa o‘nlab milliard so‘mdan oshgan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan fosh etilgan jinoiy faoliyat hakidagi ish Yangiyo‘l tuman sudida ko‘rib chiqildi.
"Sud ishi jarayonida Nuriddin Abilg‘oziyev va uning sheriklari jinoyatlari tasdiqlandi. Sud odamlarga keltirilgan 700 million so‘mlik ziyonni undirib berishga hukm chiqardi. Bundan tashqari, Abilg‘oziyev va uning sheriklari o‘zlashtirishga ulgurmagan 125dan ortiq mashina va egalariga qaytariladi. Shu kunlarda dastlabki aldanganlar o‘z avtomobillarini qaytarib olishdi", — dedi sud vakili.