TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Joriy yilning 10 oyi mobaynida intizomiy jazoga tortilgan xodimlar soni o‘tgan yilga nisbatan 285 taga oshgan, poraxo‘rlik, ta’magirlik va boshqa jinoyatlarni sodir qilgani uchun 177 nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor davomida hisobot berilgan.
Shuningdek, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi, muomala madaniyati, kasbiy va jismoniy tayyorgarligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar talabga javob bermasligi yuzasidan haqli e’tirozlar bildirilgan.
Yig‘ilishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari kadrlar yo‘nalishiga mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglangan va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga ko‘rsatib o‘tilib, salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berilgan.
Yig‘ilish so‘ngida, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan chuqur tahlil olib borish, uni keltirib chiqaruvchi sabablarini o‘rganish, ushbu holatlarning kelgusida sodir etilishini oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar belgilangan.