TOShKENT, 25 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh As-Sisiga Sinay yarim orolida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab tinch aholi, xavfsizlik xodimlari qurbon bo‘lganligi va jarohatlangani munosabati bilan hamdardlik maktubi yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston ushbu qabih xurujni va uni sodir etganlarni qat’iy qoralaydi”, — deyiladi maktubda.
Misr prezidenti va xalqiga, qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirdi hamda jarohat olganlarni tez orada sog‘ayib ketishlarini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, 24-noyabr juma kuni jangarilar bir-al-Abd qishlog‘idagi ar-Rouda masjidiga ibodat vaqtida bostirib kirishgan. Terrorchilarning ayrimlari bomba portlatgan, boshqalari esa odamlarni o‘qqa tutishgan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, terakt oqibatida 235 kishi halok bo‘lgan, 130 kishi jarohatlangan.