TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Buxoroning qadimiy tarixi, madaniyati, tabiati, madaniy meroslari, xalqning urf-odatlari va mehmondo‘stligini o‘zida aks ettirgan brendi tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan logotipda buxorxudotlarning ramzi — chidamlilik, kuchlilik, g‘alaba va farovonlikni aks ettiruvchi ikki o‘rkachli va qanotli tuya timsoli aks etgan.
"Ramzning bodom shakli – qadimiy Buxoro davlatchiligida davlat muhrlari ham shu shaklda bo‘lganligini anglatadi. Ramz o‘rtasida Buxoroning panoramasi, xususan Poyi Kalon ansambli keltirilganligi – Buxoroda qadimdan buyuk bunyodkorlik va noyob arxitektura namunalari mavjudligidan dalolat beradi. Buxoroning sharif va muqaddas shahar sifatida tanilganligi va mukammalligi timsoli. Yulduz ichidagi besh burchakli yulduz va yarim oy – Islom dunyosidagi besh farzni, poklikni va ayni paytda Vatanimiz mustaqilligi ma’nosini bildiradi", — deyiladi xabarda.
Ilgariroq Farg‘onaning turistik brendi tasdiqlangandi. Keyinroq u Rossiya Milliy turistik brendi tanlovi final bosqichida qatnashgan loyihaning aynan ko‘chirmasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimiyat ushbu logotipni tasdiqlash haqidagi qarorini bekor qildi va logotip muallifini sudga bermoqchi.