TOShKENT, 23 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Koreya personalni rivojlantirish instituti o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Kadrlarni tayyorlash va bandlik darajasini qo‘llab-quvvatlash dasturi ilovasi bilan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandumni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.Asamov va Koreya personalni rivojlantirish instituti prezidenti Kim Yon Se imzoladi.
Xabarga ko‘ra, ushbu memorandumni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda 2018-yilning birinchi yarim yilligida hukumat qarori asosida taqdim etilayotgan "Dalvarzin" maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji bazasida ishlashga ruxsatnoma olish uchun O‘zbekiston fuqarolariga koreys tilini o‘rgatish markazini ochish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ayni paytda, Koreya tomonidan hamkorlikda tashkil etilayotgan markazni zarur uskunalar bilan jihozlash hamda 2018-yil va istiqboldagi yillarda o‘qitilayotgan fuqarolar sonini ming nafarga ko‘paytirish rejalashtirilgan.