TOShKENT, 22 noya – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahrida bo‘lib turgan kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSh Kongressining Vakillar palatasi a’zolari guruhi bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbatda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston va AQSh munosabatlarining holati hamda istiqbollari, ikki tomon kun tartibida ijobiy tendensiyalarni qonunchilik jihatidan qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, AQSh tomoni prezident Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi va noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyadagi dasturiy nutqlarida ifodalangan O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy istiqbolli yo‘nalishlari to‘g‘risida xabardor qilindi.
Uchrashuvda shuningdek, AQSh elchisi Pamela Leora Spratlen ishtirok etdi.