TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Aylanishdagi o‘zgarishlar sezilarsiz bo‘lib, sutka davomiyligini atigi millisekundga o‘zgartirsa-da, bu o‘zgarishlar yer ostida ulkan quvvat hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Har 5-yilda yuz beradigan yer aylanishining sekinlashishi va seysmik faollik o‘rtasidagi bog‘liqlikni ilgariroq Kolorado va Montana universitetlari geofiziklari aniqlagan bo‘lib, ular Observer jurnaliga amaliy xulosalari haqida aytib o‘tishdi.
"Yer aylanishi va seysmik faollik o‘rtasidagi mutanosiblik sezilarli bo‘lib, kelgusi yilda kuchli zilzilalar soni ko‘payishidan darak beradi", — deb ta’kidlaydi Kolorado universiteti tadqiqotchisi Rojer Bilem. Agar olimlarning hisob-kitoblari to‘g‘ri chiqsa, 2018-yilda 15-20ta o‘rniga 25-30ta yirik zilzila yuz beradi.
Zilzilalar aynan qayerda yuz berishini Bilem aniq aytmadi, lekin ma’lumotlarga ko‘ra, yer silkinishlari ekvator yaqinida ko‘proq kuzatiladi.
Aksariyat yirik zilzilalar odatda odamlar yashamaydigan hududlarda sodir bo‘ladi, biroq 7 balli birgina zilzila ham ulkan vayronagarchiliklarga olib kelishi mumkin.
Masalan, 2010-yilda Gaitida 7 balli zilzila oqibatida 100 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 2011-yili Yaponiyada yuz bergan 9 balli zilzila 18 ming kishining hayotdan ko‘z yumishiga olib kelgan.
Aylanish tezligidagi o‘zgarishlar Yer faolligiga qanday tarzda bog‘liq ekanligini olimlar hozircha aniqlashgani yo‘q. Lekin Bilem va uning hamkasbi Rebekka Bendikning nazariyasi tasdiqlansa, yirik zilzilalarni bashorat qilish vositasiga ega bo‘lamiz, deb xabar beradi Quartz.