TOShKENT, 21 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda Uznews.
Hujjatga ko‘ra, yangi tuzilma davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va ishlab chiqarishni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Qo‘mita O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimini qurol-yarog‘, harbiy texnika, oziq-ovqat va boshqa moddiy buyumlar bilan ta’minlashi belgilangan.
Endilikda mamlakat hududida harbiy-texnika vositalarini ishlab chiqarish, ta’mirlash, qayta ishlash va yo‘q qilish ushbu qo‘mita taqdim etgan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan qo‘mita tarkibiga uchta davlat korxonasi – "O‘zmaxsusimpeks", "Sharq" DUK va Chirchiq aviasozlik ta’mirlash zavodi kiritilgan.