TOShKENT, 16 noya – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlandi. Yuksak davlat mukofotini Oliy Majlis Senatining raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev va O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Umar Ismoilovlar topshirdilar.
"Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilish va ilgari surishdagi ko‘p yillik samarali mehnati va 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TIV rahbarini yuqori davlat nishoni bilan mukofotladi", deyiladi vazirlik xabarida.
Abdulaziz Hafizovich Kamilov 1947-yil 16-noyabrda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan.
SSSR Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik akademiyasini tamomlagan. Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
Faoliyati davomida SSSRning Livandagi elchixonasi attashesi, Suriyadagi elchixonasi 2-kotibi, SSSR Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq bo‘limining xodimi, O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi maslahatchisi, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, O‘zbekiston prezidentining tashqi-siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
2012 yil yanvardan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri.
"Mehnat shuhrati", "Do‘stlik", "O‘zbekiston belgisi" va "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20-yil" davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.