TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Andijon tumanidagi Bo‘taqora qishlog‘i Beshbo‘ynoq mahallasida yashovchi 93 yoshli Isoqjon Ibragimov Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi ekanligini ko‘pchilik bilmasdi. Aniqrog‘i, o‘tgan asrning 60-yilida u urush qatnashchisi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygandi.
Otaxonning tumandagi "Xalq qabulxonasi"ga qilgan murojaati asosida tuman mudofaa ishlari tomonidan Rossiya Federatsiyasining markaziy arxiviga so‘rov xati jo‘natildi.
Tez orada uning Ikkinchi jahon urushida 339-o‘qchi diviziyasining 1135- o‘qchi polkida harakatdagi armiya safida bo‘lganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar keldi.
Urush faxriysining aytishicha, u 1943 yilda armiya safiga chaqirilgan. Qrimning Kerch shahrini ozod qilishda yaralangan. Gospitalda davolanib, qisqa muddatli komandirlar tayyorlash kurslarida o‘qigan va 1948-yilga qadar xizmatni o‘tagan.
Anvarjon HALIMOV.