TOShKENT, 16 noya – Sputnik. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Janubiy Koreya Futbol assotsiatsiyasi prezidenti Chun Mun Guning taklifiga ko‘ra Seul shahrida Janubiy Koreya futboli mutassaddilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘FF va Janubiy Koreya FA o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov va Chun Mun Gu O‘FF va Janubiy Koreya FAning hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumini imzoladilar.
Ushbu memorandum ikki federatsiyaning turli toifadagi terma jamoalariga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish va musobaqalarda ishtirok etish, tegishli mutaxassis va ekspertlariga o‘quv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etish imkonini beradi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakatning turli yoshdagi terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilish bo‘yicha ham hamjihatlikda ishlashga kelishib oldilar.
Seuldagi uchrashuvdan so‘ng Umid Ahmadjonov Yaponiya poytaxti Tokio shahriga uchib ketdi. Tokioda 17-noyabr kuni Yaponiya Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.