TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov "O‘zbekiston yoshlar Ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishga imtiyozlar berish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga imzo chekdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bilan O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tizimida ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi, tabiiy yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, vatanparvar, yurt kelajagiga daxldorlikni his qiladigan, mehnatsevar va boshqa insoniy fazilatlar egasi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Endilikda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinish imkonini beradigan tavsiyanomalar beriladi.
Tavsiyanomalar O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi.
"Tavsiyanomalarga ega bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi", — deyilgan hujjatda.
Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga taqdim etiladi.
Tanlovlarni to‘g‘ri va adolatli o‘tkazishga tegishli tuman (shahar), hududiy hamda respublika komissiyalari mas’uldir, deyilgan qarorda.
Respublika komissiyasiga bir oy muddat ichida nomzodlarni baholash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.