TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aripov o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlat tajribasini o‘rganish maqsadida Germaniyaga tashrif buyurdi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
Tashrif davomida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchi o‘rinbosari Komiljon Aripov Berlin shahridagi Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish Departamenti, Aholini muhofaza qilish va tabiiy ofatlarda yordam ko‘rsatish Federal idorasi hamda Bonn shahridagi Favqulodda vaziyatlarda texnik yordam ko‘rsatish Federal agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar davomida, Germaniya va O‘zbekistondagi fuqaro muhofazasini ta’minlash tadbirlarini tashkil qilish tizimi borasida tajribalar almashildi.
Shuningdek, Germaniyaning tegishli idoralari bilan aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida takliflar muhokama qilindi.