TOShKENT, 10 noya – Sputnik. Kompleks test markazi Koreyada mehnat faoliyati yuritish uchun markaz saytida sinov kuni va vaqtini band qilish muddatini e’lon qildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Sizga ommaviy axborot vositalaridagi xabarlardan ma’lumki, O‘zbekistonda 7-noyabr kuni Internet tarmoqlarida uzilish yuz bergan edi. Afsuski, mazkur uzilishlar Kompleks Test Markazi saytidagi dasturiy ta’minot tizimida uzilishni yuzaga keltirdi. Shuning uchun testlardan o‘tish uchun band qilish tizimi vaqtincha to‘xtatildi.
Bunga qaramasdan, xavotirga o‘rin yo‘q!", deyiladi markaz xabarida.
Xabarda aytilishicha, 2017-yil 15-noyabr soat 18:00dan boshlab band qilish qaytadan boshlanadi. Markaz band qilish uchun joylar barcha xohlovchilar uchun yetarli bo‘lishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tilishicha, Kompleks Test Markazi saytida shu paytgacha to‘g‘ri qayd etilib, sinov kuni va seanslarini band qilganlarning ma’lumotlari o‘z kuchida qoladi va ular uchun test sinovlari, 2017-yil 13-noyabrdan boshlab o‘z vaqtida o‘tadi.