TOShKENT, 10 noya – Sputnik. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi qoshida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha turdagi nashriyotlar bosh muharrirlarining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi "Bosh muharrirlar klubi" tashkil etildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur Klub noshirlik sohasidagi yutuqlarni keng targ‘ib qilish, mavjud muammolarni o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikda yechish, sohani yanada rivojlantirish, kitob bozoridagi ehtiyojlarni marketing nuqtayi nazaridan professional baholash, xorijiy tajribani o‘rganish va tatbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Ta’sis majlisida klub raisi etib jurnalist, noshir, "Sharq" nashriyot-matba aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov, kotib vazifasiga esa "Adolat" nashriyoti bosh muharriri Abdulhamid Omonov saylandi.
Klubning faoliyati norasmiy va erkin bo‘lib, unga nafaqat muharrirlar, balki barcha nashriyot mutaxassislari, xususan, dizayner va rassomlar, texnik muharir va musahhihlar ham a’zo bo‘lishlari mumkin.