TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Toshkent militsiyasi firibgarlardan iborat bo‘lgan "idishchilar" guruhining yangi a’zolarini qo‘lga oldi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bu safar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari olti nafar shaxsni ushladi. Ular orasida to‘rt nafar moldovalik, bir nafardan rossiyalik va ukrainalik fuqarolar bor.
"Tezkor xodimlar tomonidan Moldova fuqarolari Nikolay Sharban, Vasile Sharban, Vadim Sharban va Moisei Preida, Ukraina fuqarosi Maksim Radu va Rossiya fuqarosi Mixail Chebotar qo‘lga olindi. Ular Toshkentdagi mehmonxonada yashashgan hamda oshxona anjomlari, idish-tovoqlarni aldov yo‘li bilan sotishgan", — deb ma’lum qildi IIBB vakili.
Ilgariroq militsiya xodimlari ushbu guruh a’zolari bo‘lgan olti nafar Moldova fuqarosi Matfey Nenit, Yerimey Kiru, Nikita Radukan, Mixail Nenit, Aleksandr Pleshko va Aleksandr Chebotarni qo‘lga olgandi.
Ular Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" bozoridan oshxona anjomlari, idish-tovoq komplektlari va shu kabi boshqa buyumlarni arzon narxlarda sotib olib, ularni Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning atrofida, bozorlarda hamda supermarketlarda go‘yoki mazkur buyumlar Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligini bildirib, xaridorlarni aldash orqali qimmat narxlarga sotish bilan shug‘ullanishgan.