TOShKENT, 9 noya – Sputnik, Dilshodbek Asqarov. Moskvadagi "MISiS" milliy tadqiqot texnologiya universitetining konchilik instituti majlislar zaliga kirib borganimda zal allaqachon to‘lib bo‘lgandi. Zalni to‘ldirib o‘tirgan talabalarni ko‘rib o‘zimning talabalik yillarim esimga tushib ketdi. Did bilan kiyingan, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan yoshlar yuzida g‘urur va quvonchni ko‘rish mumkin edi. Sababi, ular ilk bor o‘z Vatanlaridan ularni yo‘qlab kelgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi, prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib turishgandi.
Uchrashuv juda qizg‘in, taklif va mulohazalarga boy o‘tdi. Kimdir Rossiyadagi o‘zi o‘qiyotgan o‘quv yurtining filialini O‘zbekistonda ham ochish borasida taklif bersa, yana kimdir talabalarga imtiyozlar berilishini taklif qildi. Aksariyat talaba yoshlarning chiqishlaridan ma’lum bo‘ldiki, ularni eng o‘ylantiradigan muammo bu diplomlar nostrifikatsiyasi masalasi ekan. Delegatsiya vakillari bu borada qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish vaqti yetib kelganini bildirishdi.
Ayrimlarning muammolari o‘sha joyning o‘zidayoq hal etildi. Yechilishi vaqt talab qiladigan muammolari bo‘lgan yoshlarga Yoshlar ittifoqi raisi o‘z telefon raqamlarini berdi va "Meni topishingiz uchun telefon raqamlarimni berapman. Yoshlardan qochib yashirinib yuradigan Yoshlar ittifoqi raisining kimga keragi bor. Hamisha muammolaringizni hal qilishga, sizlarni qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyormiz. Bu hali oldinda turgan ulkan ishlarimizning boshlanishi xolos", deganida zalni gulduros qarsaklar ovozi tutib ketdi.
Moskvadagi turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bu o‘zbek yoshlarining Vatanga sadoqati, mamlakat taraqqiyoti uchun o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklari, bilimli ekanliklari meni quvontirdi. Savol bergan talabaning ham, taklif bilan chiqqan talabaning ham fikri, keyingi rejasi o‘qishni bitirgandan keyin O‘zbekistonga qaytish, ilg‘or mutaxassis sifatida Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish ekanligi bilinib turdi.
Uchrashuv yakunida yoshlar Qahramon Quronboyev bilan selfi tushishga ham ulgurdilar.
Yoshlardagi shijoat, tafakkur va intilishni ko‘rib, O‘zbekiston kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligiga amin bo‘ldim.