TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligi oldidan qayta qurib bitkazilgan memorial muzeyda bo‘lib, bu yerdagi ekspozitsiyalar va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov memorial muzeyi faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr va taassurotlarini yozib qoldirdi.
Unda shunday so‘zlar bor: "Xalqimizning buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov el-yurtimiz uchun fidoyi rahbar, betakror va benazir shaxs edi…
Har qanday murakkab sharoitda ham el-yurtimiz manfaatini o‘ylab yashagan Sharof Rashidovning buyuk xizmatlari xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qoladi.
Bugun Jizzax shahrida ish boshlayotgan Sharof Rashidov memorial muzeyi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi, deb ishonaman".