TOShKENT, 6 noya — Sputnik. Rossiya hukumat rahbari Dmitriy Medvedevning Toshkentga bo‘lgan tashrifi davomida O‘zbekiston Milliy banki va Rossiyaning Vneshekonombanki orasida Hamkorlik shartnomasi imzolandi, deb xabar qilmoqda Milliy bank matbuot xizmati.
Shartnomaga ko‘ra, Rossiyaning Vneshekonombanki O‘zbekiston Milliy bankiga Energetika sohalidagi loyihalar uchun 10-yil muddatga 250 mln dollargacha bo‘lgan kredit liniyasi ochadi. Ushbu mablag‘lar Rossiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali energetika uskunalarini sotib olish uchun sarflanadi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Rossiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali energetik uskunalar Sirdaryo IESi va Farxod GESi uskunalarini yangilashda ishlatiladi.
Ushbu Hamkorlik shartnomasi haqida dastlab, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga bo‘lgan rasmiy tashrifi davomida kelishib olingan edi.