TOShKENT, 6 noya — Sputnik. Bundan buyog‘iga O‘zbekistonda hunarmandlarning eksport faoliyati rag‘batlantiriladi. Ularga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, jumladan, bank hisobraqamlaridan xorijiy valyutani naqd holda olish huquqi beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Shuningdek, hunarmandlar markazlari faoliyatini kengaytirish, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni xaridorlarga yetkazishni osonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, qo‘li gul ustalarning o‘z mahsulotlarini bozor va supermarketlarda sotishi uchun keng imkoniyat yaratish zarurligi, xohlasa o‘z xonadonida do‘kon ochishi mumkinligi ta’kidlandi. Doimiy savdo joyiga ega bo‘lmagan, vaqtinchalik joylarda savdo qilayotgan hunarmandlarga savdo qilish qoidalari asosida talab etiladigan kassa apparati va savdo terminalidan foydalanish hamda tijorat banklariga savdodan tushgan naqd pulni inkassatsiya qilish talablari ixtiyoriy etib belgilanadi.
Yig‘ilishda berilgan topshiriqlarga muvofiq, har bir viloyatda maxsus ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilib, ularda hunarmandlar bepul ishtirok etadi. Shuningdek, ularning xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, festival va yarmarkalarda qatnashishiga ko‘maklashiladi.