TOShKENT, 3 noya — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish niyati borligini ma’lum qildi.
"Bu o‘ta muhim sammit. Putin bilan uchrashuvimiz bo‘lishi mumkin… bu juda muhim. Ular bizga Shimoliy Koreya va Suriya borasida yordam berishi mumkin. Ukraina haqida ham suhbatlashib olish zarur", — deb ta’kidladi Tramp Fox News telekanali orqali efir chog‘ida.
Vyetnamning Dananga shahrida 6-11 noyabr kunlari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ATES)ga a’zo bo‘lgan davlatlar rahbarlari sammiti o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning birinchi yuzma-yuz uchrashuvi iyul oyida Gamburgda "G20-Katta yigirmatalik" sammiti doirasida bo‘lib o‘tgandi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, hozircha ATES sammitidagi muzokaralar borasida aniqlik yo‘q.