TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Oliy Liga 25-tur doirasidagi "Buxoro" (Buxoro) hamda "Paxtakor" (Toshkent) klublari o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar sababli "Buxoro" futbol klubi 55 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
"Oliy Liga 25-turi doirasidagi "Buxoro" — "Paxtakor" uchrashuvida yuz bergan mojaroli vaziyatlar yuzasidan O‘zPFL yig‘ilish o‘tkazdi.
Majlisda videoyozuvlar, uchrashuv nazoratchisi hamda O‘zPFL vakilining bildirgisiga asosan, O‘zbekiston yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasidagi musobaqa reglamenti, Tartib-intizom Kodeksi 5-modda, 4-bo‘lim, 5.57 bandiga asosan "Buxoro" klubiga nisbatan jarima qo‘llash haqida qaror qilindi.
"Buxoro" klubi yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasidagi musobaqa Reglamenti bandlariga asosan 55 mln so‘m jarimaga tortildi.
Shunga o‘xshash vaziyat yana takrorlanadigan bo‘lsa, klubga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rilishi bilan bir qatorda, "Buxoro" futbol klubi o‘z maydonidagi uchrashuvlarni muxlislarsiz yoki neytral stadionlarda o‘tkazishi haqida qattiq ogohlantirildi.